FAQ

Studienkolleg nima?

Bu ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasasi boʻlib, u chet ellik abiturientlarni nemis oliygohida oʻqishga tayyorlaydigan kollejdir. Uning vazifasi nemis va xorijiy maktab ta’limi tizimlari oʻrtasidagi tafovutni bartaraf etish va yoshlarni universitetda nemis tilida oʻqishga tayyorlashdan iborat.

Studienkolleg turlari

Universitetlar qoshida abiturientlarni klassik nemis universitetida oʻqishga tayyorlaydigan ko’radigan Studienkolleglar mavjud. Bunday Studienkolleglarda quyidagi ixtisoslashtirilgan kurslar taklif etiladi: M-Kurs, T-Kurs, W-Kurs va G-Kurs.

Bundan tashqari, faqat amaliy fanlar universitetlariga (Fachhochschule) kirish uchun tayyorlaydigan Studienkolleglar mavjud. Ushbu Studienkolleglarda quyidagi maxsus kurslar taklif etiladi: TI-Kurs, WW-Kurs va SW-Kurs.

Universitet va amaliy fanlar universiteti (Fachhochschule) o’rtasidagi farq nimada?

Universitet va Fachhochschule oʻrtasidagi asosiy farq bu oʻqitish jarayonining tashkil etilishidadir: universitetlar nazariy tadqiqot va fanga e‘tibor qaratsa, Fachhochschulelar urgʻuni koʻproq amaliyotga yo’naltirilgan ta’limga qaratadi. Boshqa farqlarga doktorlik darajasini olish imkoniyati (faqat universitetlarda), oʻquv rejasining tuzilishi (Fachhochschuleda maktabdagidek darsda majburiy qatnashish talabi) hamda Fachhochschuleda professort- oʻqituvchilarining koʻpchiligi amaliy tajribaga egaligi, yaʻni ularda ishlab chiqarish tajribasining mavjudligidadir.

Studienkolleg afzalliklari nimada?

Tajriba shuni koʻrsatadiki, Studienkollegni bitirgan abiturientlar keyinchalik talabalik hayotiga osonroq moslashadilar, ularning oʻqishni osonroq kechadi va Studienkollegda tayyorgarlik koʻrmagan talabalarga qaraganda ular oʻqishni ertaroq va muvaffaqiyatliroq bitiradilar.

Studienkolleg uchun nemis tilini bilish darajasi

Studienkollegga kirishning muhim shartlarida biri – bu nemis tilini kamida B1 yoki B2 darajasida bilishdir.
Nemis tilidan sertifikat boʻlgan taqdirda ham, siz tilidan kirish imtihonini topshirishingiz kerak boʻladi. Biling-ki, B1 darajasiga qaraganda B2 bilan qabul qilinish imkoniyati yuqoriroq boʻladi.

Kelajakda ingliz tilida oʻqishni rejalayotgan boʻlsangiz ham, davlat tomonidan moliyalashtiriladigan, bepul Studienkollegda o’qish uchun baribir nemis tilini bilish talab qilinadi. Bepul Studienkollegga kirish uchun raqobat juda yuqori boʻlganligi uchun, jiddiy tayyorgarlik talab etiladi.

Studienkollegda oʻqish narxi

Davlat Studienkolleglarida oʻqish bepuldir. Faqat kichik semestr badali toʻlanadi, va semestr badali oʻrtacha 100 evroni tashkil qiladi. Xususiy Studienkolleglar barchasi yuqori xarajatlar bilan bogʻliq boʻlib, toʻlov yiliga taxminan 6000-7000 evroni tashkil etadi.

Studienkollegda oʻqish jarayoni

Studienkollegda oʻquv dasturi 5-7 ta fanni o’z ichiga oladi. Darslar haftasiga oʻrtacha 32 soat davom etadi. Ma’ruzalarda qatnashish ixtiyoriy boʻlgan universitetlardan farqli oʻlaroq, Studienkollegda darslarga qatnashish va imtihonlarini topshirish majburiydir. Oʻqish ikki semestr davom etadi, va yakunda malakaviy imtihon (Feststellungsprüfung) topshiriladi. Bundan tashqari, muntazam ravishda testlar va oraliq imtihonlar o’tkaziladi.